Qonunchilik palatasida Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi beshinchi milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi
Senatning 18-yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov axborot berdi.
Milliy ma’ruzada 2025-yilda mamlakatimiz Prezidenti tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi hamda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan yangi preventiv mexanizmlarni joriy etish borasida amalga oshirilgan ishlar aks etgan.

Ta’kidlanganidek, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari mustaqil institut sifatida qayta tashkil etildi.
37 ta tuman va shaharda korrupsiyadan xoli hududga aylantirish bo‘yicha "Yo‘l xaritalari" tasdiqlandi.
Vazirliklarda "Situatsion markaz"lar tashkil etilib, budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan nazorat kuchaytirildi.

“Raqamli bozor” dasturi joriy etilib, respublikadagi 281 ta bozor va ulardagi 132 ta avtoturargoh raqamlashtirildi.
381 nafar davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi baholashdan o‘tkazildi.
NNTlar tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan grantlar hajmi 3,4 mlrd so‘mga yetkazildi va 45 ta loyiha amalga oshirildi.

Xalqaro hamkorlik doirasida qator davlatlarning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorlik kengaytirildi. Shuningdek, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi davlatlari konferensiyasining 12-sessiyasini 2027-yilda O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qilindi.
Parlament vakillari tomonidan sohada erishilgan ijobiy natijalar e’tirof etilishi bilan birga korrupsiyaviy jinoyatlar tahlilini chuqurlashtirish, davlat xaridlari va ijtimoiy sohalarda preventiv mexanizmlarni kuchaytirish, ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash hamda raqamlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Shuningdek, ilmiy yondashuvlarni kengaytirish, quyi bo‘g‘inlarda targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlarni yaxshilash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar yakunida sohani takomillashtirish bo‘yicha galdagi ustuvor vazifalar belgilandi hamda Agentlik faoliyatiga doir qator takliflar ishlab chiqilib, Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati